01/10/2026
USTOZ - KELAJAK BUNYODKORI
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz ustoz va murabbiylar!
Sizlarni xalqimiz uchun qadrli sana - 1-oktabr, O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Ustozlik - inson qalbiga ilm va ma’rifat nurini olib kirish, yosh avlodga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va jamiyat kelajagiga xizmat qilishdek sharafli va mas’uliyatli vazifadir. Bugun mamlakatimizda ta’lim va ilm-fanga qaratilayotgan yuksak e’tibor, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash va ularning kasbiy salohiyatini oshirish borasidagi islohotlar ustozlarga bo‘lgan yuksak hurmatning yorqin ifodasidir.
Kasb bayramimiz arafasida davlatimiz rahbarining ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvida ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning nufuzini yuksaltirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga tayyorlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Bu ezgu maqsadlarning barchasi zamirida ustozga bo‘lgan ishonch va uning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rniga yuksak baho mujassam.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda:
"Ustozni e’zozlash — bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlashdir".
Darhaqiqat, har bir olim, muhandis va yetuk mutaxassisning kamolotida ustozning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar zimmasidagi mas’uliyat bugun har qachongidan ham katta. Biz sizlar bilan birgalikda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan yoshlarni tarbiyalash yo‘lida izchil mehnat qilamiz.
Aziz ustozlar!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik, xotirjamlik va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Shogirdlaringizning har bir yutug‘i sizga faxr va quvonch, mehnatingizga esa munosib e’tirof bo‘lib xizmat qilsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Sadritdin Turabdjanov,
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori