03/06/2026
Buxoro innovatsiyalar universitetida nufuzli konferensiya bo‘lib o‘tmoqda
Buxoro innovatsiyalar universitetida “Zamonaviy fan va ta’lim: innovatsion yondashuvlar, raqamli transformatsiya va ilmiy tadqiqotlar” mavzusidagi nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi. Anjumanning ochilish marosimida universitet strategiyalar bo‘yicha birinchi prorektori Shavkat Safarovich Sharipov kirish so‘zi bilan chiqib, tadbirlarni ochiq deb e’lon qildi. Sh.S.Sharipov o‘z nutqida mazkur xalqaro konferensiya zamonaviy fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va yosh izlanuvchilar o‘rtasida tajriba almashish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyat yaratishini qayd etdi.
Kunning birinchi yarmida tashkil etilgan yalpi majlis doirasida xalqaro va mahalliy ma’ruzachilarning chiqishlari tinglandi. Dastlab, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, professor Abira Huseynova “Yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda oilaviy qadriyatlarning o‘rni” mavzusida, so‘ngra Belarus milliy texnika universiteti dotsenti Anna Romanova muhandis-pedagoglarni tayyorlashda tarmoqli hamkorlik shakllari borasida ma’ruza qildi. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti xodimi Jasur Ramazonov davlat dasturlarining xalq taraqqiyotidagi o‘rni haqida to‘xtalgan bo‘lsa, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Dushanbe filiali professori Svetlana Balxova tilshunoslikning dolzarb masalalarini tahlil qildi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar Parlamenti a’zosi Sunnatjon Axatov jadidchilik harakatida yoshlar tarbiyasining tarixiy asoslarini, Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti professori Muxtar Ermekbaev boshlang‘ich ta’limga zamonaviy yondashuvlarni va Buxoro davlat universiteti professori Alijon Hamroyev zamonaviy ta’lim paradigmalari hamda tendensiyalarini yoritib berishdi. AQShning Missuri universiteti o‘qituvchisi Matt Sveum mikroiqtisodiyot nazariyasi va uning qo‘llanilishiga to‘xtaldi. Universitetimiz vakillaridan dotsent Aziza Ikramova ingliz tilini o‘qitishda sun’iy intellektdan foydalanishning pedagogik asoslari, professor Zebiniso Ahmadova globallashuv sharoitida ijtimoiy siyosat shakllanishi, 2-bosqich talabasi Ruxshona Asadova esa Cho‘lpon nasrida ayol obrazi evolyutsiyasi mavzularida batafsil chiqish qilishdi.