01/10/2026
Bayram muborak, aziz hamkasblar!
"O'qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan "Oliy ta'lim a'lochisi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandim. Davlat tomonidan berilgan bunday yuksak baho men uchun katta sharafdir. Bu e'tirofni avvalam bor oldimda turgan ulkan vazifalar uchun berilgan ishonch va mas'uliyat deb qabul qildim.
Ta'limni davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishiga aylantirgan muhtaram Prezidentimizga va Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati hamda mutasaddilariga ko'rsatilgan e'tibor va bildirilgan ishonch uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Bu nishon menga topshirilgani bilan, aslida u PDP Universitetining butun mehnat jamoasiga berilgan e'tirofdir. Talabalarimizning bugungi o'qishi va ertangi kelajagi uchun tinimsiz kuch va vaqtini ayamayotgan jamoamizning har bir a'zosi bu mukofotning haqiqiy egasidir. Ularning fidoyiligi, sabr-bardoshi va hamjihatligisiz bugungi natijalarimiz bo'lmas edi. Shuning uchun, bu quvonchni har bir hamkasbim bilan teng baham ko'raman va ularga chin dildan rahmat aytaman.
Fursatdan foydalanib, ta'limning barcha bo'g'inlarida mehnat qilayotgan ta'lim fidoyilarini, hamda soha faxriylarini kasb bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barcha ustozlarga mustahkam sog'lik, oilaviy baxt va farovonlik, ezgu faoliyatlarida yangi yutuqlar tilayman!