21/05/2026
Ayni damda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazida “Sud-gistologiya ekspertizasida zamonaviy tekshirish usullari!” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekistonning barcha hududlaridan tashrif buyurgan sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari, soha faxriylari, ilmiy doira vakillari, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan xorijiy mehmonlar hamda Toshkent tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va sud-tibbiy ekspertiza xodimlari ishtirok etmoqdalar.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, professor Sh.I. Ro‘ziyev ochib berdi. U o‘z nutqida so‘nggi yillarda sohada erishilgan yutuqlar, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi hamda ilg‘or xalqaro tajribalar amaliyotga tatbiq etilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Abu Ali ibn Sino instituti kafedra mudiri Nazirov S.N., Toshkent tibbiyot universiteti professori Eshboyev E. hamda boshqa mehmonlar ham nutq so‘zlab, O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Mutaxassislar ikki va ko‘p tomonlama ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish hamda kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdilar.
Hozirda seminar o‘z ishini davom ettirmoqda. Tadbir doirasida sud-gistologiya ekspertizasida qo‘llanilayotgan zamonaviy tekshirish usullari, innovatsion laboratoriya texnologiyalari hamda xalqaro tajribalar yuzasidan ma’ruzalar va amaliy taqdimotlar o‘tkazilmoqda.