14/08/2026
Nagoya Universiteti bitiruvchilari Osiyoni ilm-fan va hamkorlik orqali birlashtirgan forumda
2026-yil 31-iyul – 2-avgust kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida Nagoya universitetining Osiyo akademik forumi bo‘lib o‘tdi.
Universitet bitiruvchilari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu nufuzli xalqaro tadbir Osiyoning turli mamlakatlaridan kelgan olimlar, ekspertlar, mutaxassislar va Nagoya universiteti bitiruvchilarini bir maydonda jamladi. Forum ishtirokchilarga dolzarb ilmiy masalalarni muhokama qilish, tajriba va bilim almashish, shuningdek, yangi professional va akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Eldorjon Elmurodov, Bunyodbek Ibragimov, Alisher Umirdinov, Aktam Jalilov, Botir Mutalov, Farrux Tuychiev, Samariddin Abdullaev va Xasanboy Raximberganov ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston vakillari tomonidan dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, Farrux Tuychiev O‘zbekistondagi noyob va strategik minerallarni o‘zlashtirish jarayonida transchegaraviy ekologik boshqaruv masalalari yuzasidan ma’ruza qildi. Taqdimotda tabiiy resurslardan mas’uliyatli foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishning muhim jihatlari yoritildi.
Aktam Jalilov esa ta’lim jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan ishtirok etdi. Unda sun’iy intellektning ta’lim sifatini oshirish, individual ta’lim yondashuvlarini shakllantirish va baholash jarayonlarini takomillashtirishdagi imkoniyatlari ko‘rsatib berildi.
Forum ilmiy g‘oyalar almashinuvi, mazmunli munozaralar, samimiy uchrashuvlar va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar va ta’lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Forumning eng muhim natijalaridan biri — ushbu akademik an’anani davom ettirish hamda Nagoya universiteti bitiruvchilari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida navbatdagi Osiyo akademik forumini 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilayotganidir.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning xalqaro akademik muloqotdagi ishtirokini kengaytirish, mamlakatimizning ilmiy va intellektual salohiyatini namoyish etish hamda Osiyo davlatlari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihati shundaki, u Nagoya universitetining turli yillarda tahsil olgan o‘zbekistonlik bitiruvchilarini o‘zaro yaqinlashtirish, ularning professional, ilmiy va ijtimoiy aloqalarini mustahkamlash uchun amaliy zamin yaratadi. Ushbu uchrashuv o‘zbekistonlik bitiruvchilarni yagona hamjamiyat sifatida birlashtirish, o‘zaro tajriba almashish hamda mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.